Agentlik xodimlari hududlar salohiyatini aniqlash va qo‘shimcha “o‘sish nuqtalarini” aniqlash maqsadida mamlakatning turli hududlariga xizmat safarlariga chiqishda davom etmoqda. Mazkur safarlar davomida SIA vakillari tuman va shaharlarning mahalliy rahbariyati bilan birgalikda hududning geografik joylashuvi va boshqa o‘ziga xos xususiyatlari hamda imkoniyatlarini hisobga olgan holda turli sohalardagi salohiyatini tahlil qilmoqda.
Yaqinda Sirdaryo viloyatiga qilingan safar doirasida Xovos tumanining salohiyati va istiqboli puxta o‘rganildi. 2023-yilda tumanda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 300 milliard so‘mga yetgan (bu aholi jon boshiga 3 million so‘mni tashkil etadi), lekin uning viloyat sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmidagi ulushi 2 foizdan kam bo‘ldi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida tumanda 1 ta kichik va 1 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilingan.
Xovos tumanidagi kichik sanoat zonasida 3,5 gektar maydonda umumiy qiymati 51 milliard so‘mlik 8 ta loyihani amalgaoshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 218 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Ayni paytda jami 17 milliard so‘mlik 6 ta loyiha ishga tushirilib, 93 ta ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, yoshlar sanoat zonasidan 1,5 gektar maydondagi 20 ta yer uchastkalari auksion savdolarida yoshlar tomonidan sotib olinib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Biroq hududda sanoat loyihalarini kengaytirish uchun qo‘shimcha yer maydoniga ehtiyoj bor. Agentlik xodimlari mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyati hokimining 2018-yil 20-maydagi qarori asosida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga “ammiak va karbamid” ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun ajratilgan 50,84 gektar yer maydonini zaxiraga qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqdi. Taklifda hududda qo‘shimcha sanoat zonasi tashkil etish va u yerda xorijiy kompaniyani joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar tomonidan yuqorida qayd etilgan tashabbusdan tashqari, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Ularning faoliyati hududlarning barqaror va serqirra rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, hududda tadbirkorlik va ijtimoiy faollik uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.