Avval xabar berganimizdek, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan onlayn to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar hamda hujjat loyihasi ishlab chiqilgan edi.
Mazkur chora-tadbirlarni ishlab chiqishda elektron to‘lovlar sohasi rivojlangan davlatlarning tajribasi o‘rganildi, bu borada mahalliy va xorijiy to‘lov tizimi operatorlari, banklar va yirik fintex kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, 2030 yilgacha savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish belgilandi.
Ushbu strategik maqsadga erishish uchun 2026 yil 1 apreldan boshlab, to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladigan tovar va xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bular:
davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
alkogol va tamaki mahsulotlari;
elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
yoqilg‘i quyish shoxobchalarida neft-gaz mahsulotlarini sotish
va elektromobillarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
ko‘chmas mulk ob’ektlari oldi-sotdisi;
ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan transport vositalari oldi-sotdisi.
Shuningdek, Farmonda tovar va xizmatlar narxi 25 million so‘mdan oshgan taqdirda to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvarga qadar barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kod joriy qilinadi. Bunda to‘lovlarni yagona QR-kod orqali qabul qilish 2026 yil 1 iyuldan boshlab majburiy bo‘ladi.
Ushbu Farmon yurtimizda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda fuqarolarimiz uchun keng qulayliklar va imkoniyatlar yaratadi.






