2 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Biznikilarni bil” nomli birinchi milliy brendlar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Strategik islohotlar agentligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovning asosiy maqsadi – istiqbolli mahalliy kompaniyalar va milliy brendlarni aniqlash, ularga xorijiy bozorga chiqishda ko‘maklashish, ularning tanilishi va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga yordam berishdir.
– So‘nggi yillarda yurtimizda kreativ iqtisodiyot va tadbirkorlik faol sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbari har yili ishbilarmonlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. 20 avgust O‘zbekistonda Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilingan. Milliy brendlar tanlovi ilg‘or tadbirkorlarimizni targ‘ib qilish va ularning faoliyatini xorijda kengaytirish uchun kuchli turtki bo‘ladi. Bizning Agentlik bu jarayonlarni muvofiqlashtirishda davom etadi va kelgusida bu kabi tashabbuslarning o‘sishiga hissa qo‘shadi, – dedi Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov.
Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi direktori Svetlana Chupsheva tanlov O‘zbekistondagi bisnes yutuqlarini keng yoyish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirkorlardan tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 4 sentabrdan boshlab maxsus ishlab chiqilgan uzbrand.uz onlayn platformasi orqali qabul qilindi. Ishtirokchilar o‘z loyihalari bo‘yicha keyslar, videotaqdimotlar va asosiy tavsiflarni havola qildi.
Tanlovda 14 ta hududdan 110 ta kompaniya ishtirok etdi. Natijalariga ko‘ra, 10 ta brend g‘olib deb topildi. Ular oziq-ovqat va agro-biznes, iste’mol mahsulotlari, yuqori texnologiyalar, kreativ sanoat va IT sohalarini qamrab oladi. G‘oliblarga Rossiya bozoriga ma’lum imtiyozlar bilan chiqishni tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, ular xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish, sertifikatlashdan o‘tish, savdo hamda o‘sish platformalariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Milliy brendlarning rivojlanishi O‘zbekistonning yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mamlakat sifatida imijini shakllantiradi. Bu milliy brendlarni ilgari surishga xizmat qiladi va eksport salohiyatining o‘sishiga qo‘shimcha turtki beradi.