Toshkent viloyatining Chinoz tumanida xalqaro geoaxborot tizimlari kuniga bagʻishlangan Mapaton – 2025 boʻlib oʻtdi.
Tadbir Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Geologiya fanlari universiteti hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda tashkil etildi.
Mapaton geofazoviy maʼlumotlarni yaratish, yangilash va tahlil qilish boʻyicha keng koʻlamli jamoaviy tadbir boʻlib, unda 300 nafar talaba ishtirok etdi. Ularning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish hamda ochiq kodli geoaxborot asosida strategik boshqaruv maʼlumotlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir doirasida sinov tariqasida tanlangan Samarqand viloyatida yer osti suvlari zaxirasining 3D xaritasi taqdim etildi.
Talabalar jamoalarda 55 ta mahallani qamrab oldi, tajribali ustozlar rahbarligida oʻz hududlaridagi ijtimoiy obʼyektlarning foto, video va boshqa xususiyatlarini toʻplab, maxsus raqamli platformada jamladi. Bu maʼlumotlar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Geoportalga integratsiya qilinadi.
Ikki kunlik mapaton yakunida eng yaxshi jamoalarga sovgʻalar va sertifikatlar topshirildi.






