Strategik islohotlar agentligida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti vakillari Arno Prete, Izabel Shatri, Migel Bover va Elina Smetanina bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktori Baxodir Raxmatov ekspertlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda davlat boshqaruvi isloh qilinayotganini ta’kidladi.
Bu borada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, “O‘zbekiston bo‘yicha davlat boshqaruvi sharhi”da (Public Governance Review) tavsiya qilingan choralar izchil tatbiq etilmoqda. Endi sharhning ikkinchi bosqichi doirasida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti eksperti Arno Prete O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarni, jumladan, strategik rejalashtirish tizimini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda davlat boshqaruvidagi islohotlarni davom ettirish, nomarkazlashtirish va hududiy rivojlanish masalalarida fikr almashildi.
B.Raxmatov bu sohada 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya loyihasini ishlab chiqish doirasida doimiy maslahatlashuvlar o‘tkazish taklifini bildirdi. Strategik islohotlar agentligi, Adliya vazirligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti vakillari ishtirokida qo‘shma loyiha ofisini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti vakillari bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, strategiyani ishlab chiqish bosqichida ekspertlik va uslubiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro samarali hamkorlikni davom ettirish va buning asoslarini mustahkamlashga kelishib olindi.