O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Etilen va propilen polimerlaridan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan ushbu hujjat raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni sifatli va arzon xomashyo bilan ta’minlash, uni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Xususan, qarorda:
a) 2025-yil 1-sentabrdan 2028-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha respublika hududiga olib kiriladigan polietilen granulalari uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanilishi
b) 2028-yil 1-yanvarga qadar ayrim etilen polimerlarining birlamchi shakllari (TIF TN kodi 3901 10 900 0, 3901 30, 3901 40) va propilen polimerlarining birlamchi shakllarini (TIF TN kodi 3902 10 000 0) import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.
Bojxona qo‘mitasiga O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda mamlakatga sifatsiz kontrafakt egiluvchan qadoqlar (polietilen plyonkalar, polipropilen plyonkalar, noto‘qima materiallar, polietilen qoplar, big-beglar va boshqalar) importining oldini olish (eks-offitsio prinsipi asosida) choralarini ko‘rish topshirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda mahalliy polietilen granulalari ishlab chiqaruvchilari uchun aksiz solig‘i bo‘yicha import bilan teng sharoitlarni yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yaratilgan imkoniyatlar mohiyatini tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Qabul qilingan choralar qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va ijtimoiy to‘lovlar hisobidan byudjet tushumlarini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va sohaga investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish imkonini beradi.