Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-113-sonli Farmoni ijrosi ta’minlash doirasidagi birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mazkur Farmon bilan tasdiqlangan Tashkiliy qo‘mita va Mentorlar kengashi a’zolari ishtirok etdi. Uchrashuv “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik ko‘rish, tashkiliy masalalarni muhokama qilish va tezkor kelishuvlarga erishish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Biznes rivojlanish banki” ATB, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda boshqa qator idoralarning vakillari ishtirok etdi.
Agentlik direktori Farmondan kelib chiqadigan vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Muhokama jarayonida Forumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha shtab tashkil etilishi, shuningdek, tadbirni 2025-yil noyabr-dekabr oylarida o‘tkazish taklifi muhokama qilindi. Shuningdek ishtirokchilarga kraud-platformani ishlab chiqish va ishga tushirish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, hozirda shtab mutaxassislari forum konsepsiyasi, ustuvor yo‘nalishlari va kraud-platformaning texnik topshirig‘i ustida ish olib bormoqda. Bu jarayonga Tashkiliy qo‘mita va Mentorlar kengashi a’zolarining taklif va tashabbuslari ham faol jalb etiladi.
Uchrashuv yakunida forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tashkiliy masalalar – tadbir formati, texnologik ta’minot, volontyorlar va yoshlarni jalb etish, ishtirokchilarni saralash mezonlari, xalqaro ekspertlarni jalb qilish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi. Farmon ijrosi va Forumga tayyorgarlik bo‘yicha ishlar muntazam muvofiqlashtirilgan uchrashuvlar va maslahatlar shaklida davom ettiriladi.