Joriy yil 15-16 oktyabr kunlari Farg‘onada bo‘lib o‘tgan xalqaro forum doirasida O‘zbekiston Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Alua Joldibalinaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda yaqin istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, kichik va o‘rta shaharlarni boshqarish hamda rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni shakllantirish, urbanizatsiya darajasini oshirish, qo‘shma forum va anjumanlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasini imzoladilar.
Tomonlar ushbu reja mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy va ijtimoiy integratsiyani kuchaytirish, barqarorlikni mustahkamlash va innovatsion yechimlarni joriy etishga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarga asos bo‘lishiga ishonch bildirdilar.