Farg‘ona shahrida «Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. U barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha xalqaro muloqot maydoniga aylandi. Forum O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining strategik tadqiqot va islohotlar bo‘yicha etakchi muassasalari ekspertlari, fuqarolik jamiyati, ishbilarmon va ilmiy doiralar, Markaziy Osiyodagi yoshlar harakatlari a’zolaridan iborat 300 dan ortiq mutaxassislar qatnashdi. Muloqotda, shuningdek, BMT, SHHT, MDH, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Yevropa Ittifoqi, YXHT va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov “Farg‘ona vodiysining birgalikda rivojlanish strategiyasi: ko‘rinish va yo‘nalishlar” mavzusigagi forumning birinchi panel sessiyasida ma’ruza qildi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqani rivojlantirish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni alohida qayd etdi.
“Prezidentimizning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga muntazam tashriflari odamlar hayotini yaxshilashga qaratilgan yirik loyihalar va tashabbuslarning boshlanish nuqtasiga aylangan” – deya ta’kidladi B.Raxmatov.
U vodiyning uchta viloyatida erishilayotgan aniq natijalardan misollar keltirdi:
Andijon viloyatida 2025 yil uchun qiymati 5,7 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 166 ta loyiha ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ular 31 mingta yangi ish o‘rni yaratadi. Faqat 2025 yilning birinchi yarmida 850 million dollar sarmoya jalb qilingan bo‘lib, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 3 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Asosiy yo‘nalishlar – mashinasozlik, elektronika va to‘qimachilik sanoati.
Namangan viloyatida kichik biznes jadal rivojlanmoqda – mehnatga layoqatli aholining 82 foizi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Viloyat mamlakatning to‘qimachilik markaziga aylangan – sanoatning uchdan biri va eksportning yarmi aynan shu soha hissasiga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorlar xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilmoqda. Namangan shahri Samarqand bilan bir qatorda milliondan ortiq aholiga ega shaharga aylanish arafasida.
Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati 7 milliard dollar bo‘lgan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Loyihalar to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika va qurilish sanoati kabi sohalarni qamrab olgan. Muhim omillardan biri – “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi bo‘lib, u yerda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Baxodir Raxmatov Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida islohotlar shtablari tashkil etilishi o‘z vaqtida qabul qilingan juda muhim qaror bo‘lganini ta’kidladi: “Mazkur noyob tuzilmalar mahalla, jamoat tashkilotlari va olimlar vakillaridan iborat bo‘lib, aholi va tadbirkorlarning takliflarini yig‘ib, ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi,” – dedi u.
Shuningdek, Agentlik va islohotlar shtablari birgalikda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyalarini tayyorlashga kirishgani ma’lum qilindi.
Asosiy maqsad – Farg‘ona vodiysini taraqqiyot va farovonlik hududiga aylantirish, unda har bir viloyat o‘ziga xos mutaxassislik yo‘nalishini shakllantiradi va bu butun mintaqaning o‘zaro uyg‘un rivojlanishini ta’minlaydi.
Forumda mintaqaviy barqarorlik, barqaror o‘sish, iqtisodiy salohiyatni ochib berish, gumanitar aloqalarni kengaytirish, xususiy sektor va yoshlarning roli kabi masalalar ham muhokama qilindi.