Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan oktabr oyi ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish oyi, deb e’lon qilingan. Joriy yilda O‘zbekistonda bu oy “Erta aniqla – hayotni saqla” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Strategik islohotlar agentligining “Delivery Unit” guruhi tomonidan jamoat tashkilotlari hamda yirik korxonalar hamkorligida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 noyabrdagi qarori bilan 2025 – 2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlangan bo‘lib, u ayollar orasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash, skrining jarayonlarini kengaytirish hamda aholining bilimlarini oshirish chora-tadbirlarini qamrab olgan.
“Erta aniqla – hayotni saqla” oyligi ham shu maqsadga qaratilgan. Tashabbus doirasida do‘konlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa jamoat joylarida turli ma’lumot va timsollar tarqatilmoqda. Korzinka, Safia, Bon, Kimmy Lab kabi yirik tarmoqlar birinchilardan bo‘lib ushbu tashabbusni qo‘llab quvvatladilar.
Ushbu oylik doirasida 25 oktabr kuni onkolog, ginekolog va xotin-qizlar ishtirokida forum o‘tkaziladi. Shuningdek, 10 ta oliy o‘quv yurtida UNFPA Uzbekistan tomonidan axborot-targ‘ibot tadbirlari, bemor ayollar hayotiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma rejalashtirilgan.
13-15 oktabr kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ayollar ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha bepul tekshiruvdan o‘tishi mumkin.
Bunday ogohlik doimiy bo‘lishi uchun ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni haqida ishonchli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus portal ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, “Delivery Unit” guruhi tomonidan xorijiy grant evaziga yangi mammografiya uskunalari keltirilib, Andijon, Ishtixon, Urganch va Kung‘irot kabi hududlarga yetkazilmoqda.
Kelgusi oyda tibbiyot xodimlari saraton kasalliklari bo‘yicha AQShning yetakchi markazlaridan biri – Huntsman Cancer Centerga stajirovkaga yuboriladi, tashxis va davolashdagi zamonaviy yondashuvlar o‘rganilib, O‘zbekiston amaliyotiga joriy etiladi.
Ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish oyligi haqidagi ma’lumotlar bilan https://t.me/erta_aniqla telegram kanali orqali tanishib borish mumkin.