“Astana International Forum – 2025” doirasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Qozog‘iston Milliy banki raisining maslahatchisi – raqamli transformatsiya rahbari Binur Jalenov o’rtasida uchrashuv bo‘lib o’tdi. Uchrashuvda shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sodir Meliboyev ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar elektron to‘lovlar ulushini oshirish istiqbollari, milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni bank infratuzilmasiga integratsiya qilish masalalarini muhokama qildilar. Binur Jalenov Qozog‘iston tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, 2024-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatda naqdsiz to‘lovlar ulushi 87 foizga yetgani, ulardan 90 foizi mobil ilovalar va elektron tijorat orqali amalga oshirilganini ta’kidladi. Bu natijaga erishishda bank hisobvaraqlarini masofadan ochish, davlat xizmatlaridan bank ilovalari orqali foydalanish imkoniyatlari, yirik fintex-ekotizim xizmatlarining kengaygani va pandemiya davrida qabul qilingan qarorlar asosiy omil bo‘lganini qayd etdi.
Shuningdek Binur Jalenov qonunchilikni takomillashtirish, ma’lumotlarning ochiqligi va “bozorda” barcha ishtirokchilar uchun teng raqobat muhitini yaratish zaruratiga alohida e’tibor qaratdi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida yagona QR-kodni joriy etish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish barqaror o‘sishni ta’minlovchi asosiy shartlardan biri sifatida sanab o‘tildi. Suhbat davomida raqamli infratuzilma arxitekturasi va tartibga solish yondashuvlariga doir bir qator takliflar ham bildirildi.
O‘z navbatida Baxodir Raxmatov O‘zbekistonda Elektron to‘lovlar hajmini oshirishga doir Milliy dastur loyihasini tayyorlash bo‘yicha Strategik islohotlar agentligi tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bunda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishdan tortib fintex muhitida innovatsiyalarni rag‘batlantirishgacha bo‘lgan tizimli yondashuv zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tomonlar barqaror rivojlanish yo‘lida moliyaviy sohada raqamli transformatsiyani chuqurroq olib borish bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqishga qiziqish bildirdilar.