Mamlakatni bilimli, fidoyi va shijoatli insonlar rivojlantiradi. O‘zbekistonda barcha islohot va rejalar xalqimizning talab va takliflariga tayanadi.
Endi buning uchun qulay imkoniyat bor – “Kelajak uchun” forumi istiqbolli tashabbuslar yo‘llanadigan ochiq muloqot maydoni. Undan asosiy maqsad soha va hududlarni rivojlantirishga jamoatchilikni jalb etish, aholi takliflarini yuzaga chiqarish, islohotlarning xalqchilligini ta’minlashdir.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil14 iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘tkaziladi. Buning uchun mas’ul tashkilotlar hamkorligida tizim yo‘lga qo‘yildi, kelajakuchun.gov.uz kraud-platformasi ishga tushirildi.
Forum 3 ta bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda tashabbuskorlar, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarimiz mazkur kraud-platformaga kirib, One-ID orqali ro‘yxatdan o‘tadi. 5 ta ustuvor yo‘nalishdan birini tanlab, taklif va loyihalari mazmunini yozadi. Platformada har bir fuqaro 5 tagacha tashabbus yo‘llashi hamda jamoa bo‘lib qatnashishi mumkin.
Ikkinchi bosqichda barcha yo‘llangan tashabbuslar ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqiladi, ularning tavsiyasi asosida takomillashtiriladi. Yakunda eng muhim deb topilgan tashabbus va g‘oyalar keyingi bosqichga o‘tadi.
Uchinchi bosqichda mualliflar o‘z tashabbuslarini Mentorlar kengashi ekspertlariga taqdimot qiladi. Muhokamalarda eng dolzarb deb topilgan tashabbuslar “Top-50” va “Top-10” tarzida saralanadi.
Forumning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Uning sanasi va aniq joyi haqida qo‘shimcha xabar beriladi.
G‘olib deb topilgan 10 ta eng ilg‘or tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot qilinadi. Yakunda ma’qullangan tashabbuslar hayotga tatbiq etiladi. Ularning mualliflari moddiy rag‘batlantirilib, loyihalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Tanlangan tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirishga Biznesni rivojlantirish banki hamda boshqa tijorat banklari, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Forumga kelib tushgan boshqa tashabbuslar davlat dasturlari, tarmoq yoki hududlar bo‘yicha “yo‘l xaritalari»ni shakllantirish uchun Hukumat tomonidan ko‘rib chiqiladi. Forum doirasida barcha jarayonlar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Forumda qatnashib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun o‘z taklifingizni yo‘llang! Aynan Sizning tashabbusingiz g‘olib deb topilishi mumkin.







