Strategik islohotlar agentligida Elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqish doirasida bir qator kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish va mavjud cheklovlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Xususan, marketpleyslar rivoji elektron savdo hajmining ortishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, norasmiy yo‘llar bilan olib kirilgan mahsulotlar ko‘pincha marketpleyslarda taqdim etilgan mahsulotlarga nisbatan arzonroq narxda sotilayotgani ta’kidlandi. Shu sababli, norasmiy import ustidan nazoratni kuchaytirish yoki ularning elektron platformalarda sotuvini legallashtirish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, naqdsiz to‘lovlar ulushini hisoblashda barcha bank kartalari orqali o‘tadigan tranzaksiyalar, jumladan, P2P-o‘tkazmalarni ham hisobga olish zarurligi qayd etildi. Hozirda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarning ma’lum qismi karta orqali pul o‘tkazish shaklida amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan bu turdagi o‘tkazmalarni naqdsiz hisob-kitoblar statistikasi tarkibida aks ettirish imkonini beruvchi alohida mexanizm ishlab chiqish taklif qilindi.
Bundan tashqari, milliy to‘lov operatorlari komissiyalarining amaldagi tuzilmasi banklar rag‘batiga qanday ta’sir qilayotgani ham muhokama qilindi. Banklar uchun milliy to‘lov tizimlaridagi operatsiyalar bo‘yicha mukofotlash shartlari xalqaro to‘lov tizimlariga nisbatan kamroq ekani sababli banklarning turli to‘lov yechimlarini ilgari surishdagi ustuvor yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, banklar uchun milliy va xalqaro tizimlarda teng shart-sharoit va rag‘batlar yaratish imkoniyati ko‘rib chiqilishi kerakligi qayd etildi.
Shu bilan birga, qonunchilikni takomillashtirish, xususan, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunni qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida e’tirof etildi. Amaldagi qonunda ayrim tushuncha va atamalar eskirgan, ularning aniq ta’riflari, xususan tarif yondashuvlari mavjud emasligi elektron to‘lovlar infratuzilmasi rivojiga to‘sqinlik qilayotgani haqida so‘z bordi.
Shu munosabat bilan, ushbu Qonunga o‘zgartirishlar kiritib, mahalliy va xorijiy to‘lov operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan vositachilik komissiyalarni belgilash normalarini, transchegaraviy to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish tartibini, moliyaviy xizmatlar bilan bog‘liq operatsiyalar to‘g‘risidagi axborotlar almashinuvi tartib-qoidalarini aniq belgilash taklif etildi.
Uchrashuv yakunida fintex bozori ishtirokchilari o‘rtasida ochiq muloqot olib borish muhimligini yana bir bor ta’kidladilar. Bildirilgan takliflar zamonaviy, ochiq va samarali Elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi loyihasi doirasida batafsil ko‘rib chiqiladi.