Respublika onkologiya va radiologiya markazining bir guruh mutaxassislari Amerika Qo‘shma Shtatlarining Huntsman saraton institutida malaka oshirdi.
Bu o‘quv safari Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashabbusi bilan AQSHning “The Stirling Foundation” xayriya jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2024 yil 22 noyabrda qabul qilingan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini aniqlash va davolashda multidissiplinar yondashuv joriy etilmoqda. Mazkur o‘quv shu boradagi eng samarali xalqaro amaliyotlarni o‘rganish va ularni mahalliy tibbiyot tizimiga moslashtirishga qaratilgan.
Yuta universiteti qoshidagi Huntsman saraton instituti AQSHdagi yetakchi tibbiyot markazlaridan biri bo‘lib, yuqori professionalligi, zamonaviy klinik standartlari, ilmiy va amaliy yutuqlari bilan tanilgan. Bugungi kunda Huntsman institutida 95 foiz klinik qarorlar multidissiplinar yondashuv orqali qabul qilinadi. Bu bemorlarni davolashda aniqlik va yuqori natijalarni ta’minlamoqda.
Tashrif mobaynida onkomammolog, onkoginekolog, patologoanatom va davolash mutaxassislari AQSHdagi multidissiplinar guruhlarda ish yuritish, klinik ma’lumotlarni baholash, birgalikda qaror qabul qilish va bemorlarga xizmat ko‘rsatish standartlarini o‘rgandi. Tibbiy ma’lumotlarni tezkor almashish, yagona protokollar ishlab chiqish, klinik qarorlarning sifatini ta’minlash omillariga alohida e’tibor qaratildi.
Olingan bilim va tavsiyalar asosida endi O‘zbekistonda ham multidissiplinar yondashuv joriy etiladi. Kelgusi oyda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni holatlarini qamrab oluvchi birinchi shunday guruh faoliyat boshlaydi.






