Toshkent shahrida 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Uning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida aholi va biznes uchun byurokratiya, ovoragarchilik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda respublikamizda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan 9 ta farmon va qaror qabul qilingan. Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal, “Raqamli hukumat” kabi tizimlar tashkil etilgan. Bugungi kunda davlat xizmatlari soni 1 ming 40 taga yetgan.
– Byurokratiyani bartaraf etish maqsadi zaminida ham ushbu muhim tamoyil mujassam: Har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarur, – dedi Prezident.
Forum doirasida shu boradagi aniq chora-tadbirlar muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o‘rtasida Samarali boshqaruv tajribalarini almashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi S. Umurzakov va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy imzoladi.
Ushbu Anglashuv memorandumi elektron hukumatni rivojlantirish va davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatlarini kuchaytirish, boshqaruvni takomillashtirish, institutsional salohiyat va ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadlariga qaratilgan. Hujjat 5 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan yana uzaytirilishi hamda qamrovi kengaytirilishi mumkin.






