Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov Moskva shahri meriyasidagi situatsion markazda bo‘ldi.
Meriyaning axborot texnologiyalari departamenti direktori M.Kasatkina va mutaxassislar Moskva shahrida qo‘llanilayotgan “Elektron uy”, “Aqlli shahar” va “Raqamli shahar” loyihalari haqida so‘zlab berdi.
Xususan, “Elektron uy” Moskva hukumatining notijorat loyihasi bo‘lib, undan shaharning 2,1 milliondan ortiq turar joy mulkdorlari foydalanadi. Joriy yilda tizim orqali 200 mingdan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqilgan. Videokuzatuv tizimi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi 140 turdagi huquqbuzarliklarni aniqlash imkonini bergan.
Bu borada O‘zbekistonda ham muayyan ishlar boshlangan. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 17 martdagi qarori bilan Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari belgilangan. Jumladan, kommunal to‘lovlarni onlayn to‘lash hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni ta’minlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimi joriy etilgan.
Shu bilan birga boshqaruv servis kompaniyalari xizmatlarining sifatini oshirish, uy-joy mulkdorlari bilan aloqasini raqamlashtirish zarur.
Uchrashuvda shaharlar boshqaruvini raqamlashtirish tajribasini yurtimizda tatbiq etish bo‘yicha imkoniyatlar o‘rganildi hamda bu boradagi hamkorlikning keyingi bosqichlari kelishib olindi.






