Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov Moskva shahrida Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi direktori Svetlana Chupsheva bilan uchrashdi.
S.Chupsheva mamlakatimiz vakillarini qutlab, ikki agentlik o‘rtasida ishonchli sheriklik va do‘stona munosabatlar o‘rnatilgani, so‘nggi yillarda yanada mustahkamlanib borayotganini e’tirof etdi.
B.Raxmatov Rossiya tomonini “Hamma uchun ochiq” birinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan tabriklab, buning ijtimoiy ahamiyatini alohida qayd etdi. O‘zaro hamkorlikda ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilgani, bu aloqalarni yanada kengaytirish uchun zamin bo‘lishini ta’kidladi.
Uchrashuvda agentliklar o‘rtasidagi sheriklikning 2025 yilgi natijalari sarhisob qilindi. Bu hamkorlik kichik biznes, turizm, ekologiya, urbanizatsiya va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan.
Jumladan, joriy yilda yurtimizda “Biznikilarni bil” milliy brendlar tanlovi birinchi marta o‘tkazildi, unda g‘olib bo‘lgan 10 ta kompaniya Rossiya bozoriga kirish uchun sertifikat oldi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qonuni va Prezident farmoni qabul qilindi. Sankt-Peterburg shahrida kreativ iqtisodiyot bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Mamlakatimizda Kreativ sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Muloqotda o‘zaro manfaatli aloqalarni davom ettirish va kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi o‘rtasida 2026 yilga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Jumladan, reja 7 ta muhim yo‘nalishni qamrab olgan:
- Tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash, “Biznikilarni bil” tanlovining ikkinchi bosqichini o‘tkazish;
- Kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish;
- Shaharlar boshqaruvini raqamlashtirish;
- Texnologik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma modelni shakllantirish;
- Ekologik farovonlik va iqlim barqarorligini ta’minlash;
- Daraxtzor va ko‘kalamzorlar tizimini barpo etish;
- Biznesning ijtimoiy kapitali standartini ishlab chiqish.
Mazkur loyiha va dasturlar samarali tajribalarni tatbiq etib, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, atrof-muhit va ijtimoiy sohalarni yaxshilashga xizmat qiladi.






