Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov Moskvada bo‘lib o‘tayotgan “Hamma uchun ochiq” xalqaro forumida ishtirok etdi.
Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy institutlar va jamg‘armalardan 1 mingga yaqin vakillar jamlandi.
Forumning maqsadi nogironligi bo‘lgan insonlarga ko‘maklashish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy hayotda faol bo‘lishi uchun qulaylik yaratishdir. Shu bois tadbir dasturi tibbiyot, reabilitatsiya, inklyuziv ta’lim va mehnat sharoitlari, bandlik va dam olish masalalari kabi 20 dan ortiq yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori forumning “Hamma uchun ochiq: teng imkoniyatlar jamiyati”, “Eng yaxshi xalqaro tajribalar: bolalar va katta yoshlilarni reabilitatsiya qilish” mavzularidagi sho‘ba majlislarida qatnashdi.
Anjuman doirasida festival, konferensiya, ko‘rgazma, mahorat darslari, kino tomoshalari, konsertlar va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Baxodir Raxmatov xorijlik mehmonlar bilan birga ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi. Unda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan anjom va qurilmalar, innovatsion ishlanmalar, ijtimoiy dasturlar namoyish etildi.
Forum doirasida hududlarda inklyuzivlikni rivojlantirish strategiyasi mazusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi. Unda faxriy mehmon sifatida qatnashgan B.Raxmatov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritib, o‘z tavsiyalarini berdi.
Hamkor tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Forum ijtimoiy himoya va to‘siqsiz muhit borasida tajriba almashish, O‘zbekiston sharoitiga mos loyihalarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.






