O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat organlarining strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 oktyabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosi doirasida tashkil etildi.
Ma’lumki, mazkur Farmon bilan mamlakatimizda strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashning yangi tizimi joriy qilinmoqda.
Seminar-treningda asosiy e’tibor ushbu tizimni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Unda vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari strategik rejalashtirish va rivojlanish, tahlil hamda natijadorlikni boshqarish bo‘yicha tajriba oshirishdi. Mashg‘ulotlar “aql markazlari” rahbarlari va amaliyotchi mutaxassislar tomonidan olib borildi.
Seminar dasturi doirasida 80 nafar ishtirokchi:
davlat boshqaruvida tahliliy faoliyatni tashkil etishning zamonaviy yondashuvlari;
iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni strategik tahlil qilish;
sohada sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari;
inqirozli vaziyatlarda qaror qabul qilish salohiyati kabi mavzularda malaka oshirdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash raisi bilan tinglovchilar o‘rtasida strategik tahlil va rejalashtirish sohasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.
Bir haftalik o‘quv yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Prezident Farmoniga muvofiq, kelgusida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalarining barcha xodimlarining kasbiy kompetensiyalari oshirilib boriladi.






