Toshkent shahrida strategik rivojlanish va boshqaruv jarayonlarida ma’lumotlar rolini oshirish masalalari muhokamasi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Tadbir ishtirokchilari zamonaviy strategik rejalashtirish vositalarini joriy etish, davlat investitsiyalarini samarali boshqarish hamda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi vakili boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan Geoportalni taqdimot qildi.
Uning ishga tushirilishi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni ta’minlaydigan boshqaruv ekotizimini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Geoportal investitsiya va monitoring jarayonlarining oshkoraligi, samaradorligi va qulayligini oshiradi, idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Bu platforma geoaxborot tizimlari, sun’iy intellekt va masofadan belgilash kabi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan.
Tadbirda aholini ro‘yxatga olish rejalari haqida ham ma’lumot berildi. Bu strategik rivojlanishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, aholining demografik hamda ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlash imkonini beradi.
Ushbu keng ko‘lamli tadbirni 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunda ilk bor aralash usul qo‘llaniladi: avval 17 kun mobaynida ma’lumotlar internet orqali to‘planadi, keyin mahalla vakillari ishtirokida uyma-uy yurib ro‘yxatga olinadi. Jahon banki, BMTning YuNFPA va FAO tashkilotlari ishtirokida xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan bu usul natijasida 1,3 trln so‘m sarf-xarajatlarni tejash mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, “Mening yurtim – mening xaritam” loyihasi doirasida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida “Mapaton – 2025” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbir muayyan mavzular bo‘yicha geoaxborot ma’lumotlarini to‘plash va tahlil qilishga qaratilgan. Loyihada 15 ta oliy ta’lim muassasasidan 300 nafar talaba ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.






