2025 yil 6 noyabr kuni Toshkent shahrida gibrid formatda, respublika hududlari videokonferensaloqa orqali bog’langan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda Kengash a’zolari, vazirlik va idoralar hamda hokimliklarning mas’ul mutasaddilari, shuningdek, tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 30 oktyabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi muhokama qilindi.


Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari mazkur Farmon doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va birinchi navbatda strategik rejalashtirish tizimini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha axborot taqdim etdilar.
Avvalo, strategik rejalashtirish hujjatlarini sifatli tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi. Buning uchun yagona va kompleks tizimni yo‘lga qo‘yish, tizimni ilmiy-uslubiy jihatdan va kadrlar bilan ta’minlash, sohada boshqaruvni takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari faoliyatiga ko‘maklashish, ularning malakasini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda respublika hududlari bilan hamkorlikda strategik rejalashtirish
va rivojlanish tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.






