2025-yil 25-oktabr kuni Toshkent shahrida “Erta aniqlа – hayotni saqla” forumi bo‘lib o‘tdi. Sut bezi va bachadon bo‘yni saratoni bilan kurashish oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda onkologlar, ginekologlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda onkologik kasallikka chalingan ayollar – jami 500 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Forum Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirdan asosiy maqsad – onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish va amaliy yechimlarni ishlab chiqishdir.
Mazkur oylik doirasida bepul skrininglar o‘tkazildi, shuningdek, Korzinka, Safia, Bon, Kimmy Lab, O‘zbechka kabi tarmoqlar ishtirokida keng qamrovli axborot kampaniyasi tashkil etildi. UNFPA ko‘magida oliy ta’lim muassasalarida ma’ruzalar, jurnalistlar uchun treninglar ham o‘tkazildi.
Forumda O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya va Gruziyadagi onkologik markazlardan xalqaro ekspertlar ham qatnashdi. Tadbir doirasida bemorlar uchun onkologik maktab, maslahatlar va treninglar, shifokorlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi.
Forumda mavzular bo‘yicha muhokamalar va fotoko‘rgazma tashkil etildi. Shuningdek, ayollar uchun bepul onkopsixologik yordam dasturi ishga tushirildi.
Ushbu oylik doirasida Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan xalqaro grant hisobidan mamlakatimizning olis hududlariga beshta yangi mammograf yetkazib berildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik shifokorlar guruhi AQShdagi yetakchi onkologik markazda malaka oshirish uchun bormoqda. Bu tashabbus bemorlarni ko‘p tarmoqli jamoaviy yondashuv asosida davolash tizimini joriy etishga xizmat qiladi.
Bu tadbirlar har bir ayol o‘z sog‘lig‘ini vaqtida asrashi va hayotini saqlab qolish imkoniga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida tashkil etildi. Ushbu hujjat bilan 2025-2030-yillarda Bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlangan.
Strategik islohotlar agentligi mazkur dastur ijrosini doimiy monitoring qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda natijalarni muhokama etib boradi. Maqsad – jarayonni shunchaki nazorat qilish emas, balki onkologik kasalliklar nazorati uchun raqamli ekotizim yaratishdir. Bunda infratuzilma, uskunalar, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va tahlil sifati kabi barcha tarkibiy qismlar avtomatlashtirilgan bo‘ladi. Chunki dastur muvaffaqiyati ishonchli ma’lumotlar, malakali mutaxassislar va aholining ishonchiga bog‘liq.






