Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan VIII Markaziy Osiyo ekspertlar forumi doirasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti direktori Jandos Shaymardanov o‘rtasida alohida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘z tashkilotlarining hozirgi faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv boshida B. Raxmatov J. Shaymardanovga Strategik islohotlar agentligining ayni vaqtdagi asosiy tashabbuslari haqida ma’lumit berdi. Xususan, u Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash doirasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Loyiha ofislari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, maktablar, bolalar bog‘chalari va tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy infratuzilmaga kiritilayotgan investitsiyalarni yanada samarali qilish imkonini beruvchi Geoportal haqida so‘z yuritdi.
Strategik islohotlar agentligi direktori shuningdek aholining istiqbolli tashabbuslarini yig‘ishga qaratilgan kraud-platformani ishlab chiqish va ishga tushirish bo‘yicha tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi. Saralab olingan takliflar “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumida taqdim etiladi.
Joriy yilning may oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo kelajagi – 2050” mintaqaviy forsayt-seminari yakunlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur tadbir mintaqa davlatlari ekspertlari va davlat tuzilmalari vakillarini birlashtirib, Markaziy Osiyoning uzoq muddatli istiqbolda savdo, transport, energetikani rivojlantiriga doir kompleks takliflarni birgalikda belgilash imkonini berdi.
Jandos Shaymardanov o‘z navbatida Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar institutining ustuvor faoliyat yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. Ular qatoriga ichki va tashqi siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha kompleks tadqiqotlar o‘tkazish hamda mamlakat rahbariyati uchun tahliliy materiallar tayyorlash kiradi. Shuningdek, institut yetakchi tahliliy markazlar bilan xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirayotganini va O‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishga qiziqishini ta’kidladi.
Tomonlar muntazam aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, tahliliy materiallar almashish hamda mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalariga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.