Bugun Strategik islohotlar agentligida joriy yilning 27-28 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo kelajagi – 2050” mintaqaviy forsayt-seminarining yakunlariga doir taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Agentlik direktori Baxodir Raxmatov, Qozog‘istonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov, Tojikistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Turkmanistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Shadurdi Meredov, Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Dastan Niyazaliyev hamda Agentlik huzuridagi “Delivery Unit” ofisi rahbari Aziza Umarova ishtirok etdi.
Ma’lumki, bo‘lib o‘tgan forsayt-seminarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning davlat va nodavlat tahliliy markazlari, islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish markazlaridan, shuningdek, mustaqil tadqiqotchilaridan iborat 40 dan ortiq yetakchi ekspertlar ishtirok etgan. Seminarning maqsadi 2030, 2040 va 2050–yillarga qadar bo‘lgan davr uchun mintaqa rivojlanishining strategik yo‘nalishlarini belgilash, tayyorlangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Ish yakunlari bo‘yicha o‘zaro transport bog‘liqligi va o‘zaro savdo, suv resurslari va iqlim, energetika hamda ijtimoiy rivojlanish kabi 4 ta sohada 18 ta hamkorlik yo‘nalishini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Xususan, uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish, jumladan, yagona mintaqaviy transport karkasini yaratish, transport-logistika xablarini rivojlantirish, transport va logistika sohasida normativ-huquqiy bazani shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilish, suv resurslari sohasida qonunchilikni uyg‘unlashtirish, transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha shartnoma-huquqiy jarayonlarga Afg‘onistonni jalb etish rejalashtirilgan.
Alohida e’tibor energetika sohasida innovatsiyalar va texnologiyalarni joriy etish masalalariga qaratildi. Mintaqa mamlakatlarining milliy energetika regulyatorlari o‘rtasida hamkorlik mexanizmlarini yaratish, qo‘shma tadqiqot markazlarini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi.
Ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida yagona ta’lim standartlarini joriy etish va malakalarni o‘zaro tan olish orqali inson kapitalini rivojlantirish, intellektual va kiber sport tadbirlarini o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.
Ishtirokchilar ushbu tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar va ular Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy aloqalarni yanada mustahkamlashga, iqtisodiyotlar barqarorligini oshirishga hamda aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Taqdimot yakunida har bir xorijiy ishtirokchi kun tartibiga oid o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Yaqin kunlarda “Markaziy Osiyo – 2050” nomli kitob nashr etilishi kutilmoqda. Unda o‘tkazilgan forsayt-seminar ishtirokchilarining tahliliy materiallari, ekspert xulosalari va esselari jamlanadi.