Oʻzbekistonda ovqatlanish sohasida ISCAD (International Strategic Center for Agri-Food Development) tashkiloti tomonidan Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit ofisi bilan hamkorlikda keng qamrovli tadqiqot olib borilmoqda. Loyihaning maqsadi aholining ovqatlanish odatlari va ratsionini har tomonlama baholash, sogʻliqqa ta’sir qiluvchi bilimlar, xulq-atvor omillari va obyektiv tibbiy koʻrsatkichlarni oʻrganishdan iborat.
Tadqiqot xalqaro KAP Survey (bilim, munosabat va amaliyotlarni baholash) metodologiyasiga asoslangan boʻlib, antropometrik oʻlchovlar, klinik va tibbiy tekshiruvlar, biokimyoviy ma’lumotlarni yigʻish hamda respondentlarning sogʻligʻi tarixi boʻyicha ma’lumotlar to‘plashni oʻz ichiga oladi. Hozirgi kungacha mamlakat boʻylab 13 mingdan ortiq xonadonlar ushbu tadqiqotda ishtirok etgan.
Zamonaviy tibbiyot ilmi ovqatlanishni hayot sifati va surunkali yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chidamlilikni belgilovchi asosiy omillardan biri deb tan oladi. Mavjud ma’lumotlarga koʻra, salomatlikning yomonlashuvi holatlarining aksariyati turmush tarzi, xususan, nomutanosib ovqatlanish va jismoniy faollikning yetishmasligi bilan bogʻliq. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2014 va 2019-yillardagi STEPS tadqiqoti ma’lumotlari tahlili shuni koʻrsatdiki, bu davrda tuz iste’mol qiluvchilar ulushi 15,6% dan 36,6% ga oshgan, tavsiya etilgan miqdorda sabzavot va meva iste’mol qilmaydiganlar ulushi 67,2% ni tashkil etgan, ortiqcha vazn va yuqori qon bosimi bilan yashovchilar soni ham sezilarli darajada oshgan. Ushbu tendensiyalar sogʻlom ovqatlanish modeliga oʻtish zarurligini yaqqol koʻrsatmoqda. Notoʻgʻri ovqatlanish organizmda moddalar almashinuvi buzilishlariga olib kelishi, qon tarkibida shakar va xolesterin miqdorining koʻpayishi orqali umumiy sogʻliqqa salbiy ta’sir koʻrsatishi va sogʻliqni saqlash tizimiga yukni oshirishi mumkin.
Tadqiqot doirasida quyidagi 5 yoʻnalish boʻyicha ma’lumotlar toʻplanmoqda: aholining ovqatlanish boʻyicha bilim va amaliyoti; antropometrik koʻrsatkichlar (boʻy, vazn, tana massasi indeksi), biokimyoviy parametrlari (qon tarkibidagi shakar, xolesterin, mikroelementlar), klinik salomatlik holati, shuningdek, individual va oilaviy tibbiy tarix, ijtimoiy va maishiy sharoitlar. Ushbu ma’lumotlar aholining sogʻlom ovqatlanish tamoyillari boʻyicha xabardorlik darajasini, ortiqcha vazn va yetarli ovqatlanmaslik holatlarini, ijtimoiy va xulq-atvor omillarining ta’sirini, shuningdek, hududiy xususiyatlarni aniqlash imkonini beradi.
Toʻplangan ma’lumotlar asosida milliy darajadagi dasturlar va tashabbuslar ishlab chiqiladi. Ular ovqatlanish sifatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli axborot kampaniyalarini tayyorlash va mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi. Bunday tadqiqotlar xalqaro amaliyotda jamoat salomatligi sohasidagi yondashuvlarni shakllantirishda muhim oʻrin egallaydi. Ular ratsiondagi oʻzgarishlarni kuzatish, ilgari qabul qilingan choralarni baholash, yondashuvlarni takomillashtirish va barqaror natijalarga erishish imkonini beradi.
Shu bois, Oʻzbekistonda ovqatlanish holatini baholash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqot katta ahamiyatga ega. Bu salomatlikni mustahkamlash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan, kompleks yondashuv tomon bosilgan muhim qadamdir.