Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Manfred Xuterer o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Elchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalarini e’tirof etib, Germaniyaning yangi hukumati O‘zbekiston bilan hamkorlikni doimiy uchrashuvlar va maslahatlashuvlar orqali, jumladan “Markaziy Osiyo –Germaniya” formati doirasida davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu loyihalar strategik rejalashtirish, davlat boshqaruvining samaradorligini baholash va institutsional rivojlanish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. GIZ hamda Latviya Moliya va shartnomalar bo‘yicha markaziy agentligi (CFCA) bilan hamkorlikda 30 dan ortiq vazirlik va idoralarni qamrab olgan o‘quv tadbirlari tashkil etilgan, metodik tavsiyalar va normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, strategik rejalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlarini takomillashtirish, hududiy byudjet daromadlarini oshirish, markaziy va mahalliy organlar vakolatlarini aniqlashtirish, hokimliklarning moliyaviy mustaqilligi va mas’uliyatini kuchaytirish, boshqaruv qarorlarini raqamlashtirish bo‘yicha qabul qilingan va ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston Prezidentining rahbarligida amalga oshirilayotgan mahalliy hokimiyat (munitsipalitetlar) islohotlari Germaniya yangi hukumati a’zolari uchun ilhom manbai va o‘rganish mumkin bo‘lgan tajribadir, – deb ta’kidladi M.Xuterer
Shuningdek, tomonlar Germaniyaning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlaridan biri bo‘lgan Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (IFO) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar. Ushbu institut hukumat idoralari, biznes hamjamiyat va xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalarida hamkorlik qilish uchun platforma sifatida xizmat ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.