Latviya Markaziy moliyalashtirish va kontraktlar agentligi (CFLA) va Strategik islohotlar agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida “Strategik kommunikatsiyalar va yangi tarmoq strategiyalari bo‘yicha axborot berish” mavzusida tashkil etilgan ikki kunlik seminar yakunlandi.
Tadbirda vazirlik va idoralar hamda matbuot xizmatlari vakillari ishtirok etib, aholi va ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilish bo‘yicha o‘z tajriba va yondashuvlari bilan o‘rtoqlashishdi. Seminar mamlakatda olib borilayotgan islohotlar kontekstida strategik kommunikatsiyaning yagona standartlarini shakllantirishga qaratildi.
Seminarning rasmiy ochilishida Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Reynis Troksha va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonovlar so‘zga chiqdilar.
O‘z nutqida Abdulla Abduqodirov bugungi kunda islohotlar samarasi faqatgina ularning mazmuniga emas, balki davlat idoralari ushbu o‘zgarishlarning maqsadi va kutilayotgan natijalarini aholiga qay darajada samarali yetkazayotgani bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Bu esa kommunikatsiyalarga tizimli yondashishni va barcha darajalarda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab etadi.
O‘z navbatida, Latviya elchisi xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirar ekan, davlat organlarining kommunikatsiya sohasida institutsional jihatdan mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, oshkoralik va ishonch samarali boshqaruvning ajralmas tarkibiy qismlari ekanini alohida ta’kidladi.
Seminarning birinchi kunida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- strategik kommunikatsiya asosiy prinsiplari,
- manfaatdor tomonlar va maqsadli auditoriyalarni jalb etish,
- inqirozga qarshi kommunikatsiya vositalari va yagona axborot standartlari.
Mazkur yo‘nalishlar yuzasidan Adliya vazirligi va AOKA vakillari taqdimotlar o‘tkazib, media bilan ishlash va islohotlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tajribalarini ulashdi.
Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar tashkilot ichki kommunikatsiya strategiyalarini takomillashtirishga qaratilgan interaktiv guruh ishida qatnashdilar. Muhokamalar yakunida ishtirokchilar yagona metodologik yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidlab, mutaxassislar o‘rtasida doimiy professional muloqot olib borilishiga qiziqish bildirishdi.
Seminarning ikkinchi kuni esa kommunikatsiyaning raqamli formatlari va tarmoq strategiyalarini vizuallashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar axborotni maqsadli auditoriyalarga samarali yetkazish vositalari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlarining institutsional rivojlanish va ochiq muloqot tajribasi bilan tanishdilar.
Amaliy mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar o‘z media kontentlarini yaratishdi – video murojaatlar, shiorlar va tanlangan auditoriyalar uchun vizual yechimlar ishlab chiqildi. Bunda “Ghibly” kabi generativ sun’iy intellekt vositalari va boshqa zamonaviy platformalardan foydalanildi.
Tadbir davomida o‘zlashtirilgan bilim va amaliy ko‘nikmalar ochiqlik va islohotlarga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.