O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni boshqaruv sohasi va davlat xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi. Mazkur Farmon loyihasini ishlab chiqish jarayoni Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etildi.
Xususan, hujjatda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- Akademiyada davlat xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi takomillashtirilmoqda
Davlat xizmatchilari uchun Akademiyada 3 ta dastur (malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura) joriy qilinmoqda:
Mazkur takliflar Prezident maslahatchisi S.Chakrabarti ofisi eksperti E.Tempelman tomonidan ishlab chiqildi.
a)Malaka oshirish(1 oygacha) dasturlarida ARGOS buyurtmasiga asosan bir yilda 7 000 nafar davlat xizmatchilari o‘qitiladi.
Ushbu kurslarda strategik fikrlash, qiyin vaziyatlarda qaror qabul qilish, aholi bilan samarali muloqot qilish, vaqtdan unumli foydalanish, jamoa bilan ishlash kabi rahbarlik uchun zarur ko‘nikmalar shakllantiriladi, kasb etikasi, odob–axloq va protokol qoidalari, kreativ yondashuv, boshqaruvda innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash masalalari o‘rgatiladi.
b)Milliy kadrlar zaxirasidagi 350nafar nomzodlar uchun har yili 6 oygacha bo‘lgan quyidagi 7 ta qayta tayyorlash dasturlari joriy etiladi:
– Prezident topshiriqlari bo‘yicha maxsus kurslar (geosiyosat, global iqtisodiyot, loyiha boshqaruvi, barqaror rivojlanish va boshqalar);
– “Rahbar ayollar” dasturi (tashabbuskor ayollarni davlat xizmatiga tayyorlash va rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun);
– “Kelajak liderlari” dasturi (istiqbolli yoshlar uchun);
– “Tizimli tahlil, strategik rejalashtirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish” (rahbar va boshqaruv kadrlari uchun);
– “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish” (barcha darajadagi hokimlar va ularning o‘rinbosarlari uchun);
– “Kadrlar zaxirasini shakllantirish va inson resurslarini rivojlantirish” (HR-xizmati rahbarlari uchun);
– “Davlat dasturlari va loyihalarini samarali boshqarish” dasturi (strategik rejalashtirishga mas’ul rahbarlar uchun).
Bunda Akademiya tomonidan strategik korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy kompaniyalar va nodavlat tashkilotlari buyurtmasiga asosan pulli o‘qish ham tashkil qilinadi.
v)Xalqaro standartlar asosida 5ta magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilmoqda (amalda faqat 1 ta “davlat boshqaruvi” yo‘nalishi mavjud bo‘lib, qabul amalga oshirilmasdan kelinmoqda):
– “Hududlarni kompleks rivojlantirish”,“Davlat boshqaruvi”, Davlat siyosati”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yo‘nalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi;
Angliya, Singapur, AQSh, Germaniya, Rossiya, Koreya va boshqa yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlarida mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanadi.
– Akademiya magistraturasiga davlat buyurtmasidan tashqari ochiq tanlov asosida to‘lov-kontrakt shaklida talabgorlarni qabul qilish va kvotalarini Vasiylik kengashi belgilashi taklif etilmoqda.
– nomzodlar chet tili va mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovidan hamda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, yetakchi professor–o‘qituvchilar va xorijda ta’lim olgan ekspertlardan iborat Tanlov komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi;
Suhbatda nomzodlarning iqtisodiy bilimlari va huquqiy savodxonligi, shuningdek, boshqaruvchilik xususiyatlari, jamoa bilan ishlash, strategik
va tahliliy fikrlashi, tashabbuskorligi va innovatsion yondashuvi, loyihaviy boshqaruv va notiqlik mahorati bo‘yicha ko‘nikmalari baholanadi.
– test va suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball olganlar kvota doirasida davlat granti (150 ta) hamda kontrakt (kvota Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi) asosida qabul qilinadi.
- Akademiyada ta’lim sifati va o‘quv jarayonini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan aniq choralar amalga oshiriladi
a) barcha uzoq va o‘rta muddatli ta’lim dasturlari xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari (Singapur, Koreya, Germaniya, Rossiya, Yaponiya, AQSh) asosida tashkil etiladi.
b) ta’lim jarayoni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz va axloq normalari asosida ishlab chiqiladigan professional kompetensiyalar asosida tashkil etiladi.
Bunda, davlat xizmatchisi o‘z vazifalarini samarali bajarishi uchun zarur bo‘lgan kompetensiyalar ishlab chiqilib, ta’lim jarayonida asosiy urg‘u
ushbu ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratiladi.
Masalan, hokimlikka nomzod 42 hafta Akademiyada zarur bilimni olgandan so‘ng, tuman hokimi bilan “dublyor” rolida 16 hafta amaliyot hamda xorijdagi hamkor muassasada 8 hafta stajirovka o‘taydi.
v) tinglovchilar o‘qish yakunida loyihaviy boshqaruv asosida tayyorlangan tegishli hududni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ishini himoya qiladi.
g) yaxshi o‘qigan tinglovchilarni yuqori lavozimga tayinlash hamda ta’lim dasturini o‘zlashtirmaganlarni o‘qishdan chetlatish va xarajatlarni undirish mexanizmlari joriy qilinmoqda.
Mazkur choralar Li Kuan Yu Davlat siyosati maktabi, Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi, Koreya Davlat boshqaruvi instituti mutaxassislari
va ekspert E.Tempelman bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
- Akademiyaning ta’lim va tadqiqot faoliyatini rivojlantirish maqsadida quyidagilar tuzilmalar tashkil qilinmoqda
a) Tahlil va tadqiqot sohasidagi kompetensiyalar markazi
– Markaz davlat organlarida tahliliy ishlarning yagona standartlar
va metodologiya asosida tashkil etilishini muvofiqlashtiradi;
– 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab markaz sohalar bo‘yicha tahlilchilar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan 6 ta oliygohning o‘quv-uslubiy faoliyatini muvofiqlashtiradi.
b) Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi
– Markaz davlat boshqaruvi evolyutsiyasi va rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini tadqiq etadi, davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi (ta’lim, tibbiyot, transport va boshqalar) ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilish, ortiqcha byurokratik jarayonlar, majlisbozlik va qog‘ozbozlikning oldini olishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi;
– Markaz tayyorlagan tahliliy materiallar ta’lim jarayonida amaliy keyslar sifatida, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarda foydalaniladi.
AQSh, Xitoy, Rossiya, Singapur, Koreya, Fransiya va Germaniyada davlat boshqaruvi sohasida muammolarni o‘rganish markazlari tashkil etilgan
v) Davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlashni ilmiy-uslubiy muvofiqlashtirish markazi
Markaz vazirlik va idoralar tizimidagi 80 dan ortiq malaka oshirish markazlarida o‘qitiladigan rahbarlik va boshqaruv bo‘yicha kurslarni (kontingent – 71,7 ming nafar) ilmiy-uslubiy ta’minlaydi va muvofiqlashtiradi.
g) Davlat boshqaruvida raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalari ta’lim markazi
Unga davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni samarali qo‘llashning ilg‘or xorijiy tajribasini o‘rganish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirishda mazkur texnologiyalarni keng qo‘llash hamda davlat xizmatchilarining raqamli kompetensiyalarini muntazam oshirib borishni tashkil etish vazifalari yuklatilmoqda.
d) Vasiylik kengashi
Unga Akademiya faoliyati bo‘yicha eng muhim masalalar, jumladan strategik rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilash, davlat maqsadli buyurtmalari, mutaxassisliklar va qo‘shma ta’lim dasturlarini tasdiqlash kabi vazifalar yuklatilmoqda
e) Xalqaro akademik maslahat kengashi
Kengash ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, ta’limda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berish, tinglovchilar uchun ma’ruzalar qilish, nufuzli xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni o‘rnatishga ko‘maklashish, Akademiya imijini yanada yuksaltirishga oid takliflar berish bilan shug‘ullanadi.
- Akademiya faoliyatini samarali tashkil qilish va tubdan transformatsiya qilishga qaratilgan choralar
a) Davlat boshqaruvi akademiyasi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etilmoqda (Koreya davlat siyosati va boshqaruvi instituti “KDI” kabi) hamda uning faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha 9ta yangi vazifalar belgilab berilmoqda.
Masalan, davlat xizmati va boshqaruvini takomillashtirish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, soha va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarish va maqsadlarga erishish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va amaliy takliflar ishlab chiqish
b) Akademiyani 2025–2026 yillarda kompleks rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
32 ta banddan iborat Chora-tadbirlar dasturida o‘quv dasturlari va ta’lim hujjatlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, buyurtmachilarga hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha konsultativ xizmatlar ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish, xalqaro reytinglar va indekslarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha maxsus kurslar ishlab chiqish, sohada milliy ilmiy maktab yaratish kabi aniq takliflar nazarda tutilgan;
Mazkur islohotlar davlat boshqaruvi sohasida samarali va zamonaviy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishning mutlaqo yangi tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Ular davlat xizmatining institutsional rivojiga, kadrlar siyosatida sifat jihatidan tub burilish yaratishga hamda mamlakatning strategik maqsadlarini amalga oshirishda malakali va tashabbuskor mutaxassislarni keng jalb etish uchun zamin yaratadi.