O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.Mazkur Farmon loyihasini ishlab chiqish jarayoni Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etildi.
Farmondagi eng muhim yangiliklardan biri – endilikda “El-yurt umidi” jamg‘armasi istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Prezident huzuridagi to‘laqonli klasterga aylantiriladi. Endi faqat ta’limni moliyalashtirish emas, balki iqtidorli talabalar, yosh olimlar va bo‘lajak davlat xizmatchilarini maqsadli tayyorlash jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, Farmonda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
Istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlashning yangi mexanizmlari joriy qilinmoqda
- Istiqbolli mutaxassislarni xorijga 4 ta dastur bo‘yicha yuborish yo‘lga qo‘yiladi:
- davlat xizmatchilarining maqsadli stajirovkasi (1–6 oy) (amalda mavjud emas);
- bakalavriat (3-4 yil) (hozirda o‘qiyotgan stipendiatlar 399 nafar);
- magistratura (1–2 yil) (242 nafar);
- doktorantura (3–4 yil) (107 nafar).
Ta’lim kvotalarini ajratishda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq
va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari, STEM (science, technology, engineering and mathematics), shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy sohalarga (tibbiyot, ta’lim) ustuvorlik beriladi.
- Davlat xizmatchilarining maqsadli stajirovkasi bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilmoqda:
- har yili 1 fevralgacha buyurtmachilar (vazirlik, idora, strategik korxona va Prezident maktablari) ehtiyojiga ko‘ra Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat buyurtmasi (kvotalar, yo‘nalishlar) shakllantiriladi va stajirovkaga yuboriladi.
- stajirovkaga yuborilgan xodimning stajirovka muddati davomida egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi, mansab pog‘onalarida birinchi navbatda o‘stiriladi;
Stajirovkaning aniq tartib-taomillari bo‘yicha bir oy muddatda alohida Hukumat qarori qabul qilinadi.
- “El-yurt umidi” stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi etib belgilanmoqda hamda ochiq tanlovdan tashqari quydigagi yangi qulayliklar joriy qilinmoqda:
- xalqaro reytinglarning top–100 taligida bo‘lgan universitetlarga grant asosida o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga stipendiyalar imtihonlarsiz ajratiladi;
- xalqaro reytinglarning top–300 taligida bo‘lgan universitetlarga grant asosida qabul qilinganlarga xalqaro transport va turar-joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi;
- xalqaro reytinglarning top–20 taligida bo‘lgan universitetlari bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.
- Tanlov o‘tkazishning ochiq, xolis va adolatli qoidalari belgilanmoqda
a) Tanlov o‘tkazishning aniq muddatlari belgilanmoqda (1 yilda 2 marta aprel-iyun va oktabr-dekabr oylarida), hujjatlar (diplom, mehnat daftarchasi, pasport, yaqin qarindoshlari, sudlanganlik haqida) OneID platformasidan yuklab olinadi;
b) Yangi bosqich sifatida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish, kreativlik qobiliyatlari hamda psixologik barqarorligi test sinovlari orqali Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan baholanadi (amalda tanlov 2ta bosqichda o‘tkaziladi: hujjatlarni o‘rganish va suhbat). Bunda:
– test sinovlarini o‘tkazishga Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan autsorsing asosida ixtisoslashtirilgan mahalliy yoki chet el nodavlat tashkiloti jalb qilinadi;
– test sinovidan kamida 61 ball (100 balldan) olgan nomzodlar suhbat bosqichiga o‘tkaziladi;
– suhbat jarayonida nomzodlarning ona Vatanga, tanlagan kasbiga sadoqati, xorijda ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsad, olingan bilim
va malakalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi va baholanadi.
Suhbat jarayonlari yozib olinadi, ularni real vaqtda kuzatish uchun onlayn translyatsiya qilinadi hamda maxsus platformada joylashtirib borilib, kelgusidagi nomzodlar tayyorgarlik ko‘rishiga imkoniyat yaratiladi.
- Tanlov komissiyasi tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ullari bilan bir qatorda jamoatchilik faollari,
NNTlar vakillari, mustaqil ekspertlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari (bitirib kelganlar) kiritilishi belgilanmoqda. Bunda:
- komissiya a’zolarining kamida 50 foizi nodavlat tashkilotlar a’zolari bo‘lishi belgilanmoqda;
- komissiya tarkibi har yili 30 foizga yangilab boriladi.
- Stipendiatlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar
- ta’lim olishni tamomlagan stipendiatlarga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishimizning ustuvor sohalari bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy yirik kompaniyalarda stajirovka o‘tashiga (qo‘shimcha moliyalashtirishsiz) Boshqaruv kengashi tomonidan ruxsat beriladi;
- stipendiatning uzluksiz ishlab berish majburiyatini yurtimizdagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy korxonalar va nodavlat tashkilotlarida o‘tashga Boshqaruv kengashining qaroriga asosan ruxsat beriladi;
- tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat va magistraturada o‘qish muddatini qo‘shimcha 1 yilga uzaytirish imkoniyati yaratilmoqda (xorijda bakalavriat va magistratura o‘qish muddatlari5 va 3 yilni tashkil qiladi);
- stipendiatlarning xorijda olgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari
va ilmiy darajalari maxsus sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi belgilanmoqda;
- Stipendiatlarning ta’lim olishi va ishlab berish majburiyati bo‘yicha yangi talablar joriy etilmoqda
a) Stipendiatlar xorijda yaxshi va a’lo baholarda o‘qishi talabi
joriy qilinmoqda. Bunda, davlatlar va ta’lim dasturlari kesimida o‘zlashtirishning talab qilinadigan minimal miqdorlari Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanishi taklif qilinmoqda.
Xorij universitetlarida baholash turli mezonlar asosida amalga oshiriladi: masalan, Avstraliyada “a’lo” baho 85–100 foizni tashkil etsa, Germaniyada 1 ball, Koreyada esa A+4.5 eng yuqori natija hisoblanadi.
b) “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining uzluksiz ishlab berish majburiyati belgilanmoqda: maqsadli stajirovka uchun – 2 yil, bakalavriat uchun – 5 yil, magistratura uchun – 3 yil, doktorantura
uchun – 5 yil.
Bunda, ishlab berish majburiyatidan bosh tortgan taqdirda, sarflangan barcha xarajatlar 2 barobar miqdorda stipendiatning o‘zi va moliyaviy (qo‘shimcha) kafillari tomonidan solidar tartibda qoplanadi.
- Jamg‘arma faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan mexanizmlar belgilanmoqda
a) “El-yurt umidi” jamg‘armasining Boshqaruv kengashi tashkil etildi va unga quyidagi masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi berildi:
– ochiq stipendiya tanlovini tashkil etish va o‘tkazish uchun tanlov komissiyasini tuzish va uning reglamentini tasdiqlash;
– 4 ta ta’lim dasturi bo‘yicha yo‘nalishlar, kvotalar soni va tanlov g‘oliblari ro‘yxatini tasdiqlash (buning maqsadi muhim sohalardagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tez qondirish);
– bakalavriat, magistratura va doktorantura bitiruvchilarini munosib ishga joylashtirish va tashkilotlarga qayta taqsimlash ustidan nazorat qilish;
Bunda bakalavriat, magistratura va doktorantura bitiruvchilarini munosib ishga joylashtirish va tashkilotlarga qayta taqsimlash bo‘yicha alohida Hukumat qarori qabul qilinadi;
– maqsadli stajirovkani o‘tash hamda bakalavriat, magistratura
va doktoranturada ta’lim olish yo‘nalishlari bo‘yicha xarajatlar miqdorini belgilash va taqsimlash.
b) Xorijda ta’lim olayotgan stipendiatlar bilan doimiy muloqotni ta’minlash, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda duch kelayotgan muammolariga birgalikda yechim izlash, shuningdek, ta’lim va tarbiya jarayonlarida Jamg‘armaga ko‘maklashish maqsadida Jamg‘arma stipendiatlarining ota-onalari kengashi tashkil etilmoqda.
Ota-onalar kengashi stipendiatlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ular erishayotgan yutuqlarni jamoatchilikka yetkazish, yoshlar va ota-onalar o‘rtasida bilim olish va nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni keng targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullanadi.
v) stipendiatlar tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi oqibatida yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash va xarajatlarni undirishga oid da’volar yuzasidan sudlarda Jamg‘armani davlat boji to‘lashdan ozod qilish taklif qilinmoqda.
g) O‘qiyotgan va bitirgan stipendiatlar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida “El-yurt umidi” platformasini yaratish taklif etiladi. Platforma orqali davlat organlari rahbarlari
va stipendiatlar o‘rtasida ochiq muloqot maydoni joriy qilinib, muhim tashabbuslarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, xorijda ta’lim olgan stipendiatlar zaxirasi muntazam yangilab boriladi.
d) elchixonalar va konsullik muassasalar rahbarlariga:
– stipendiatlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlashi uchun ularga har tomonlama huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish;
– stipendiatlar bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida “El-yurt umidi” jamg‘armasini xabardor qilish vazifalari yuklatilmoqda.
Mazkur Farmon iqtidorli mutaxassislarni tayyorlash va ularning salohiyatini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Bunda ochiq va adolatli tanlovlar, davlat buyurtmalari asosida ta’lim olish imkoniyatlari, stipendiatlar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar va ularni samarali ish bilan ta’minlash masalalari markaziy o‘rinni egallaydi.