Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyosh panellarini utilizatsiya qilish sohasi o‘rganilib, yetakchi davlatlar tajribasi asosida mazkur sohani O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga kiritilgan global investitsiyalar 365 mlrd dollardan oshgan. Kelgusida quyosh energiyasi dunyo bo‘ylab ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 40 foizini tashkil qilishi kutilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha Xalqaro agentlik (IRENA) prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib dunyo bo‘yicha quyosh panellari chiqindilari hajmi 78 mln tonnaga yetishi mumkin. Bu esa panel massasining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiluvchi alyuminiy, shisha, kumush, kremniy kabi materiallarni ikkilamchi qayta ishlash uchun katta imkoniyatlarni ochib beradi.
Bugungi kunda quyosh panellarini utilizatsiya qilishning 4 xil turi mavjud:
- Mexanik qayta ishlash – panellarni maydalash va ularning komponentlarini ajratish jarayoni.
- Termik qayta ishlash – plastik elementlarni yo‘qotish va metallarni ajratib olish maqsadida panellarni qizdirish jarayoni.
- Kimyoviy qayta ishlash – kumush va kremniy kabi qimmatbaho materiallarni ajratib olish uchun kimyoviy eritmalardan foydalanish jarayoni.
- Kombinatsiyalangan usullar – samaradorlikni oshirish maqsadida mexanik va kimyoviy usullarni qo‘shib ishlatish.
Xorijiy tajribani o‘rganish natijasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, AQSh, Janubiy Koreya va Xitoyda samarali utilizatsiya modellari joriy etilganligi aniqlandi.
Masalan, Yevropa Ittifoqida Elektr va elektron jihozlar chiqindilari to‘g‘risidagi direktivaga asoslangan tartib mavjud bo‘lib, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini yig‘ish va qayta ishlashga mas’ul hisoblanadi. Qayta ishlashning minimal darajasi belgilangan bo‘lib, eng kamida uskunaning 85 foizini qayta ishlash majburiy hisoblanadi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar quyosh panellarini yig‘ish va utilizatsiya qilish, barcha qayta ishlovchi kompaniyalarni majburiy litsenziyalash xarajatlarini moliyalashtirishi lozim.
Mazkur talablarni bajarish uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida iqtisodiy rag‘batlantirish tizimi joriy etilgan: qayta ishlovchi korxonalar uchun foyda solig‘i stavkasi 15 foizga pasaytirilgan, qayta ishlangan materiallar QQSdan ozod qilingan va 1 tonna chiqindini qayta ishlash uchun 50–100 yevro miqdorida subsidiya ajratiladi.
Natijada, quyosh panellari komponentlarini qayta ishlash darajasi 95 foizga yetib, butun Yevropa bo‘ylab 200 dan ortiq qayta ishlash markazlari tashkil etilgan.
Yaponiyada qat’iy ekologik talablarni belgilovchi Quyosh panellarini qayta ishlash milliy dasturi amal qiladi. Hujjatga ko‘ra ishlab chiqaruvchilar faqat sertifikatlangan korxonalar orqali utilizatsiyani amalga oshirishi shart. Bu esa sifat nazorati va standartlarga rioya qilinishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, Yaponiyada qayt ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Misol uchun, korxonalar uchun ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilishga 3 million dollargacha subsidiya ajratiladi, panellarni topshirgan fuqarolarga har bir panel uchun 15-20 dollar to‘lanadi. Qayta ishlashdan tushgan daromadlar esa soliqqa tortilmaydi.
Natijada mamlakatda 90 foiz komponentlar qayta ishlanmoqda, shu bilan birga 20 ming tonna shisha va metall resurslari tejalib, 50 dan ortiq qayta ishlash korxonalari tashkil etilgan, jarayonlarning energiya samaradorligi esa 30 foizga oshgan.
Janubiy Koreyada “K-ECO” dasturi amal qilib, ushbu dastur utilizatsiyaga oid bir qator majburiy talablarni o‘z ichiga oladi. Davlat tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga har yili 12 mln dollarlik subsidiya ajratiladi, uskunalar soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan bo‘lib, topshirilgan har bir panel uchun fuqarolarga 10 dollargacha mablag‘ to‘lanadi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakatda 5 ta yirik qayta ishlash markazlari faoliyat yuritmoqda, qayta ishlash darajasi esa 85 foizga yetgan.
Xitoyda 50 dan ortiq ixtisoslashtirilgan zavodlar barpo etilgan bo‘lib, mamlakat quyosh panellarini qayta ishlash bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylangan. Bugungi kunda Xitoyda komponentlarni qayta ishlash darajasi 90 foizga yetgan. Mamlakatda keng qamrovli dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, 1 tonna qayta ishlangan panel uchun 50 dollargacha subsidiya, qayta ishlovchi korxonalar uchun soliq imtiyozlari (30 foizgacha) va 10 mln dollargacha innovatsion texnologiyalar uchun grantlar ajratiladi.
O‘zbekistonda hozirda 4,5 GVt quyosh elektr quvvatlari ishga tushirilgan bo‘lib, 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiyaning ulushi 54 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga har yili 200 ming tonna atrofida quyosh panellari eskirib, ishdan chiqadi.
Bugungi kunda utilizatsiya bo‘yicha javobgarlik, asosan, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartnomalari doirasida yirik kompaniyalarga yuklatilgan. Aholi va kichik biznes tomonidan o‘rnatilayotgan kichik quyosh panellarining ko‘payib borayotgani esa chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha milliy tizim yaratish zaruratini yuzaga chiqarmoqda.
Qayta ishlangan materiallar bozorini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologiyalarga investitsiyalarni jalb qilish, aholining qayta ishlash ahamiyati to‘g‘risida xabardorligini oshirish lozim. Bundan tashqari, bu kabi chiqindilarni utilizatsiya qilish jarayonini tartibga soluvchi huquqiy bazani, chiqindilarni yig‘ish infratuzilmasini hamda iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.
Ushbu masalalarni kompleks hal etish uchun Strategik islohotlar agentligi tomonidan Quyosh panellarini qayta ishlash kompleks dasturini ishlab chiqish taklifi tayyorlanib, mazkur Dastur doirasida:
- Quyosh panellarini qayta ishlash va utilizatsiya qilish mexanizmlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
- Ishlatilgan quyosh panellarini qayta ishlash uchun maxsus korxonalar va qabul qilish punktlari tarmog‘i orqali yagona infratuzilmani yaratish;
- Qayta ishlovchi korxonalar, uy xo‘jaliklari va tadbirkorlar uchun rag‘batlantiruvchi choralarni joriy etish;
- Quyosh panellarining komponentlarini (alyumin romlar, shisha, quyosh elementlari, kremniy va boshqalar) tiklash va ulardan qayta foydalanish tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.