Strategik islohotlar agentligida Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) missiyasi vakillari bilan moliyaviy sektor islohotlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, OTB moliyaviy sektor bo‘yicha bosh mutaxassisi Benita Aynabe, OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Adham Kuchqarov, OTB moliyaviy sektor bo‘yicha katta mutaxassisi Malik A. Nadim va Agentlikning boshqa vakillari ishtirok etdi.
Missiya tashrifining asosiy maqsadi – moliyaviy sektor bo‘yicha ustuvor va rejalashtirilgan islohotlarni dastlabki baholash, manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini aniqlash, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish va texnik yordam yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.
Muzokaralar davomida obligatsiyalar bozorini rivojlantirish, xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik (DXSh), shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar ko‘rib chiqildi. Islohotlarni monitoring qilish va ijrosini nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi.
OTB vakillari bank sektori va kapital bozori islohotlarini moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu institutsional transformatsiya va moliyaviy tizimga investitsiyalarni jalb qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Abdulla Abduqodirov islohotlarga kompleks yondashuv zarurligini ta’kidladi va OTB missiyasining texnik jamoasi bilan ishchi uchrashuv o‘tkazishni, tahliliy materiallar almashishni hamda qo‘shma tadqiqot loyihalarini boshlash tashabbusini ilgari surdi.
Tomonlar moliyaviy sektorni barqarorlik va ochiqlik tamoyillari asosida rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.