Toshkent shahrida 50 ga yaqin vazirlik va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, raqamlashtirish va davlat boshqaruvi sohasi mutaxassislari ishtirokida “Davlat boshqaruvida ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt: ilg‘or amaliyotlar, ko‘nikmalarni o‘zlashtirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan “Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturining texnik ko‘magida tashkil etildi. Ushbu dastur Jahon banki tomonidan Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot byurosining moliyaviy koʻmagida amalga oshiriladi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad davlat dastur va tashabbuslarini amalga oshirishda tahliliy yondashuvlar va sun’iy intellekt vositalarini qo‘llash salohiyatini rivojlantirishdan iborat bo‘lib, unda asosiy urg‘u “Ma’lumotlarni boshqarish milliy tizimi to‘g‘risida” Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qaratildi.
Barcha darajadagi davlat siyosatini shakllantirishda yagona, muvofiqlashtirilgan yondashuvga o‘tish imkonini beruvchi normativ-huquqiy bazani yaratish muhimligi qayd etildi. Yangi tizim turli sohalar va idoralar ma’lumotlarini integratsiyalash va standartlashtirish uchun asos yaratadi. Bu samarali, shaffof va natijalarga yo‘naltirilgan ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish tizimini yaratish yo‘lidagi asosiy qadam bo‘ladi.
Davlat investitsiyalarini boshqarishda ma’lumotlar va tahlillardan foydalanish tarqoq yondashuvdan dalillar, natijalar va maqsadlarga asoslangan yaxlit boshqaruv modeliga o‘tish imkoni yaratilmoqda. Bunday yondashuv resurslarni yanada samarali taqsimlash, xarajatlarni kamaytirish va fuqarolar uchun aniq natijalarni taqdim qilishga yordam beradi.
Tadbirda Agentlik va bir qator davlat organlari tomonidan shakllantirilgan “Davlat sarmoyalarini boshqarish” geoportali ijtimoiy infratuzilma obyektlarining yagona ma’lumotlar bazasi sifatida taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu platforma tegishli maqsadlardan va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarni xolis va asosli tanlash imkonini beradi. Ushbu byudjet mablag‘larini samarali taqsimlashga qaratilgan.
Davlat investitsiyalarini boshqarishga zamonaviy yondashuv o‘zaro bog‘liq bo‘lgan uchta yo‘nalish qurilish, ijtimoiy rivojlanish va moliyalashtirish jarayonini birlashtirib, aniq natijalarga erishishga qaratilgan rejalashtirish, monitoring va baholashning yaxlit tizimini shakllantiradi.
Jahon banki tomonidan qoʻllab-quvvatlangan loyihada maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha Avstraliyalik xalqaro ekspert Prash Parthiban ishtirok etdi. Ekspert O‘zbekiston sharoitida ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha ma’lumotlar va tavsiyalarni taqdim etdi. Ilg‘or xalqaro tajribalar qayd etilib, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari o‘xshash mamlakatlarda raqamli yechimlarni joriy etishning amaliy holatlari muhokama qilindi.